top of page

Qoʻshma Shtatlarda maxfiylik paradoksi: ikkilik standart paydo boʻlmoqda

Jun 25

3 min read

3

27

1

Hindistondagi AQSh elchixonasi F, M va J turdagi muhojir bo‘lmagan vizalar uchun murojaat qilayotgan shaxslar o‘zlarining ijtimoiy tarmoq hisoblarini ommaga ochiq qilishlari kerakligini e’lon qildi.

Yangi ko‘rsatmalar AQSh qonunchiligiga binoan murojaatchilarning shaxsini va ularning muvofiqligini tekshirishga yordam berishni maqsad qilgan. Elchixona har bir viza arizasini ko‘rib chiqish "milliy xavfsizlik bo‘yicha qaror" ekanini aytdi.

“Darhol kuchga kiradi: F, M yoki J turdagi muhojir bo‘lmagan vizaga murojaat qilayotgan barcha shaxslardan o‘zlarining shaxsiy ijtimoiy tarmoq hisoblari maxfiylik sozlamalarini ‘ommaviy’ holatga o‘zgartirish so‘raladi. Bu ularning shaxsini va AQShga kirishga yaroqliligini aniqlash uchun zarur tekshiruvlarni osonlashtiradi”, deyiladi elchixonaning X platformasidagi postida.

Yangi qoidalar asosida, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, kasbiy yoki almashinuv dasturlarida qatnashishni rejalashtirayotgan hindistonlik talabalar va boshqalar viza arizasini topshirishdan oldin o‘z ijtimoiy tarmoq profilini ommaga ochiq holatga keltirishlari shart. Hisoblarni “ommaviy” holatga o‘rnatmaslik rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Elchixona ma’lum qilishicha, AQSh 2019-yildan beri viza arizalarida murojaatchilardan ijtimoiy tarmoqdagi identifikatorlarini taqdim etishni talab qilib kelmoqda.


Shuningdek, elchixona vizani tekshirish va tahlil qilish jarayonida mavjud bo‘lgan har qanday ma’lumotdan foydalanilishini, shu jumladan milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi shaxslarni aniqlash orqali mamlakatga kirishga yaroqsiz deb topilgan nomzodlarni aniqlashda foydalanilishini aytdi. Biroq, bu jarayonda aynan nimalar ko‘zda tutilishi haqida batafsil ma’lumot berilmadi.

Shunga o‘xshash ko‘rsatmalar dunyo bo‘ylab boshqa AQSh elchixonalari tomonidan ham e’lon qilingan. Masalan, Meksikadagi AQSh elchixonasi vizaga murojaat qiluvchilar oxirgi 5 yil ichida foydalangan barcha ijtimoiy tarmoq platformalaridagi foydalanuvchi nomlari yoki hisob identifikatorlarini ko‘rsatishlari kerakligini bildirgan.

Bu yangilik AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan elchixonalarga talabalar vizasi uchun uchrashuvlarni rejalashtirishni to‘xtatish va bunday murojaatchilarni ijtimoiy tarmoqlar orqali kengroq tekshirish topshirig‘idan bir necha hafta o‘tib yuz berdi. O‘tgan hafta AQSh Davlat departamenti bu jarayonni qayta boshlashini e’lon qildi, biroq yangi choralar asosida murojaatchilar o‘z ijtimoiy tarmoq hisoblarini hukumat ko‘rigi uchun ochishlari talab qilinadi.

“AQSh vizani berish jarayonida hushyor bo‘lishi zarur. Murojaat qilayotgan shaxslarning AQShga kirishdan ko‘zlangan maqsadi amerikaliklarga yoki milliy manfaatlarga zarar yetkazish bo‘lmasligiga va ular vizaga ariza topshirishda qo‘yilgan talablarga, shu jumladan kirishga ruxsat berilgan faoliyat bilan shug‘ullanish niyatida ekanliklariga ishonch hosil qilinishi kerak”, deyiladi departament bayonotida.

Shuningdek, AQSh Kongressi Vakillar palatasi xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sababli hukumat tomonidan berilgan qurilmalarda WhatsAppdan foydalanishni rasmiy tarzda taqiqladi.

Vakillar palatasi Ma’muriy boshqarmasi (CAO) ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qaror ilovaning xavfsizligi yuzasidan bildirilgan tashvishlar asosida qabul qilingan.

“Axborot xavfsizligi bo‘limi WhatsApp foydalanuvchilar uchun yuqori xavf tug‘dirishini aniqladi. Bunga foydalanuvchi ma’lumotlari qanday himoya qilinayotgani borasidagi shaffoflikning yo‘qligi, saqlanayotgan ma’lumotlarning shifrlanmasligi va foydalanishdagi xavfsizlik tahdidlari sabab bo‘lmoqda.”

Shu sababli, Vakillar palatasi xodimlariga hukumat tomonidan berilgan hech qanday qurilmaga – mobil telefon, ish stoli kompyuteri yoki brauzer orqali – WhatsApp ilovasini yuklab olish taqiqlanadi.


WhatsApp bu xavotirlarga qarshi chiqib, platformadagi xabarlar sukut bo‘yicha oxirigacha shifrlanganini va CAO tomonidan tasdiqlangan ilovalarning aksariyatidan “yuqori darajadagi” xavfsizlikni ta’minlashini ta’kidladi.

"Biz Vakillar palatasi Ma’muriy boshqaruvi rahbarining bu holatga bergan bahosiga qat’iyan rozi emasmiz," dedi Metaning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Endi Stoun X ijtimoiy tarmog‘idagi postida.
"Biz bu yerdagi xodimlar WhatsApp\dan muntazam foydalanayotganini bilamiz va Vakillar palatasi a’zolari ham Senatdagi hamkasblari kabi rasmiy tarzda undan foydalanishlari mumkin bo‘lishini ta’minlashga intilamiz."

CAO xabarida “qabul qilinadigan” muqobil ilovalar sifatida Microsoft Teams, Amazonning Wickr ilovasi, Signal, va Applening iMessage hamda FaceTime ilovalari tavsiya qilingan. WhatsApp - TikTok, OpenAI ChatGPT va DeepSeekdan keyin Vakillar palatasi tomonidan taqiqlangan eng so‘nggi ilova bo‘ldi.


Bir tomondan Qo‘shma Shtatlar o‘z milliy xavfsizligini da‘vo qilaturib ba‘zi byudjet idoralariga muayyan ilovalardan foydalanishni maxfiylikni saqlash uchun taqiqlamoqda. Boshqa tomondan esa AQShga kirish uchun viza olishga urinayotganlarning maxfiyligini o‘z yo‘lida buzmoqda.

Related Posts

Comments (1)

blac
Jun 29

01010011 01100001 01101100 01101111 01101101

Like
bottom of page