
Microsoft Isroilning falastinliklarni kuzatishini to‘sib qo‘ydi
1
25
0
Hisobot: Microsoft Isroilning falastinliklarni kuzatishda ishlatiladigan texnologiyalarga kirishini blokladi.

Bosim o‘z samarasini beryapti shekilli. AQShning yirik texnologiya kompaniyasi Microsoft Isroil harbiylarining millionlab falastinlik fuqarolarning telefon qo‘ng‘iroqlarini yig‘ishda ishlatilgan kuchli kuzatuv tizimiga kirishini blokladi, deb xabar berdi The Guardian.
Britaniya kundalik gazetasining xabariga ko‘ra, Microsoft o‘tgan hafta oxirida Isroil rasmiylariga harbiy maxfiy xizmatning elita bo‘linmasi — 8200-bo‘linma Azure bulut platformasida kuzatuv ma’lumotlarini saqlash orqali kompaniya xizmat ko‘rsatish shartlarini buzganini bildirdi.
The Guardian avvalroq Azure falastinliklarning aloqa ma’lumotlarini ommaviy kuzatuv dasturida saqlash va qayta ishlash uchun ishlatilayotgani haqida xabar bergan edi. Microsoft 8200-bo‘linma bilan birgalikda maxfiy josuslik ma’lumotlarini Azure platformasiga ko‘chirishda hamkorlik qilgan.
Dastlabki hamkorlik haqidagi xabarlar ortidan, Microsoft – har qanday yirik korporatsiya kabi salbiy xabarlardan nafratlanadi – zudlik bilan tekshiruv o‘tkazishni boshladi. Natijada, u bo‘linmaning bulutli xotira va sun’iy idrok xizmatlariga kirishini bekor qildi.
Avvalroq Microsoft o‘z bayonotida “G‘azo va G‘arbiy Sohildagi fuqarolarni keng ko‘lamli yoki ommaviy kuzatuv orqali olingan telefon qo‘ng‘iroqlari ma’lumotlarini saqlash uchun Azuredan foydalanish” kompaniya xizmat ko‘rsatish shartlari bilan taqiqlanishini aytgandi.

Yangi ichki elektron xatda Microsoft vitse-prezidenti va prezidenti Bred Smit kompaniya “Isroil Mudofaa vazirligidagi bir bo‘linma uchun bir qator xizmatlarni to‘xtatgani va o‘chirib qo‘ygan”ini aytdi.
“Biz fuqarolarni ommaviy kuzatuvni osonlashtirish uchun texnologiya taqdim etmaymiz. Biz bu tamoyilni dunyoning har bir mamlakatida qo‘lladik va yigirma yildan ortiq vaqt davomida buni qayta-qayta talab qilib keldik”, deb yozdi Smit.
AQSh Milliy Xavfsizlik Agentligiga tengdosh bo‘lgan 8200-bo‘linma Microsoft xizmatlaridan keng foydalangan va taqriyban soatiga bir million telefon qo‘ng‘irog‘i mazmunini yig‘ib kelgan.
Yig‘ilgan ulkan ma’lumotlar to‘plami – taxminan 8000 terabayt ma’lumot – Niderlandiyadagi Microsoft ma’lumotlar markazida saqlangani xabar qilingan.
Isroilning 8200-bo‘linmasi The Guardian avgust oyi boshida o‘z tekshiruvini e’lon qilganidan so‘ng, ma’lumotlarni tezda mamlakatdan olib chiqdi. Aftidan, isroilliklar ma’lumotlarni Amazon Web Services bulut platformasiga o‘tkazishni rejalashtirgan.
Oylar davomida Microsoft va boshqa texnologiya sohasi xodimlari Isroilning G‘azo urushida kompaniya texnologiyasidan foydalangani haqidagi da’volarga qarshi norozilik bildirib kelishdi – hatto kompaniya tadbirlarida ham rahbarlarni qichqirib to‘xtatib, “Zulm uchun Azure yo‘q” kabi kampaniyalar tashkil qilishdi.
Boshqa AQSh texnologiya gigantlari xodimlari ham Isroil bilan aloqalari uchun norozilik bildirishgan. Google fevral oyida sun’iy idrok bo‘yicha yo‘riqnomalarini o‘zgartirib, sun’iy idrokni kuzatuv yoki qurol sifatida ishlatmaslik haqidagi majburiyatlarni olib tashlagandi.
Faollar uchun endi umid paydo bo‘ldi. Chunki Microsoftning bu qarori G‘azodagi qirg‘inbarot urush boshlanishidan beri AQSh texnologiya kompaniyasining Isroil harbiylariga taqdim etilgan xizmatlarni qaytarib olishning birinchi ma’lum holati hisoblanadi.






