
Tor va TutaMail Rossiyaga ochiq xat e'lon qildi: "kuzatuv davlatini qurishni bas qil!"
1
55
0

Payshanba kuni e’lon qilingan ochiq xatda maxfiylikni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi onlayn platformalar — Tuta Mail va Tor Project — Kremlning media nazoratchisini fuqarolarning shifrlangan aloqa platformalaridan foydalanishini to‘sishni to‘xtatishga chaqirdi. Ular buni inson huquqlari va so‘z erkinligi buzilishi sifatida ko‘rsatmoqda.
Asosiy jihatlar:
Tuta Mail va Tor Project, 29 nafar raqamli maxfiylik himoyachilari bilan birgalikda, Rossiyani Signal va WhatsApp kabi shifrlangan xabar almashish platformalarini bloklashni to‘xtatishga undamoqda.
Guruhlar bu taqiqlar va VPN cheklovlari inson huquqlarini buzishini, shifrlash esa jurnalistlar, faollar va fuqarolar uchun “hayotiy yo‘l” ekanini ta’kidlashmoqda.
Rossiya fuqarolarni davlat tomonidan boshqariladigan “Max” ilovasidan foydalanishga majburlab, Xitoyning “Buyuk devori”ga o‘xshash keng qamrovli internet senzurasini davom ettirmoqda.
Xatda Tuta “Rossiya hokimiyatining uchdan-uchgacha shifrlangan aloqa platformalariga kirishni bloklash bo‘yicha kuchayib borayotgan urinishlari borasida jiddiy tashvishlar”ni bildiradi. Unda Signal, WhatsApp va boshqa platformalar tilga olinadi.
Shuningdek, hujjatda hukumatning mamlakatda VPN xizmatlariga qo‘ygan to‘planma cheklovlari alohida qayd etilgan. Yosh rossiyaliklarning ko‘pchiligi ularni Moskvaning Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish federal xizmati (Roskomnadzor) tomonidan joriy qilingan ijtimoiy tarmoqlarga umumiy taqiqni aylanib o‘tish yo‘llarini izlamoqda.
“Tuta (nota) 2020-yilda Rossiyada bloklangan, Signal 2024-yilda, navbat esa WhatsAppga kelmoqda. Biz Rossiyaning Xitoydagidek kuzatuv davlati qurishiga qarshi turmoqdamiz,” — dedi Germaniyada joylashgan kvant-shifrlangan elektron pochta provayderi.
“Rossiya Xitoy kabi buyuk devor xohlamoqda,” — deb yozdi Tuta payshanba kuni Xda. Odatda Xitoydagi internet cheklovlariga nisbatan ishlatiladigan “Buyuk devor” atamasi ko‘pincha Rossiya internetini tasvirlash uchun ham qo‘llanadi.
Hukumat nazorati usuli
Tuta Mail va Tor Project boshchiligidagi ochiq murojaatni yigirmadan ortiq raqamli maxfiylik va fuqarolik huquqlari tashkilotlari qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular orasida Electronic Frontier Foundation (EFF), Center for Democracy & Technology (CDT), ARTICLE 19, Fight for the Future, shuningdek, Nord Security kabi bir qator xususiy kompaniyalar va xalqaro miqyosda tan olingan olimlar ham bor.
Xatda ta’kidlanishicha, Rossiyaning harakatlari xalqaro miqyosda tan olingan inson huquqlarini buzmoqda. Bunga fikr va so‘z erkinligi, axborotga kirish huquqi va shaxsiy hayot daxlsizligi kiradi.
“Shifrlash – bu asosiy huquq,” — deydi Tuta Mail bosh direktori Matias Pfau.
“Xavfsiz muloqotga kirishni bloklash orqali Rossiya butun aholiga, jumladan, jurnalistlar, faollar va hukmron tabaqaga qarshi fikr bildiradigan har qanday kishiga nazorat o‘rnatmoqchi.”

Himoyachilar shifrlangan xizmatlarni rossiyalik fuqarolar uchun “hayot yo‘li” deb atamoqda hamda BMT va xalqaro inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar ham shifrlashni “xavfsiz muloqot va demokratik ishtirok etishning muhim omili” sifatida tan olganini ta’kidlashmoqda.
“Biz Tutada insonlarning shaxsiy hayot huquqi uchun kurashamiz va bugun Rossiya tomonidan ezilayotgan har qanday inson bilan birdamlikda turibmiz,” — dedi Pfau.
Cheklovlarni “borgan sari noo‘rin” va Kremlning “raqamli suverenitetni” joriy etishga qaratilgan “kengroq harakatlari” deb atagan xat, ushbu xizmatlarga kirishni yo‘q qilish millionlab rossiyalik foydalanuvchilarning hayot daxlsizligini jiddiy “xavf ostiga qo‘yishini” ta’kidlaydi.
Himoyachilar barcha hamfikr kompaniyalar, fuqarolik jamiyatlari va ko‘p tomonlama tashabbuslarni “Rossiya va butun dunyo odamlariga shifrlangan muloqot xizmatlariga kirishni saqlab qolish va kengaytirishga” chaqirmoqda.

Shifrlanmagan muqobillardan foydalanishga majburlash
Signal — yillar davomida Roskomnadzor tomonidan taqiqlangan ko‘plab ijtimoiy tarmoq va messenjer ilovalaridan faqat bittasi.
Rossiya fuqarolari Putin Ukrainaga bostirib kirganidan beri internet bloklari va tezlik sekinlashuviga duch kelmoqda. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oy boshida deyarli barcha xorijiy ilovalar “xavfsizlik xavotirlari” sababli to‘liq bloklangani haqida xabar berilgan.
Iyun oyida Rossiya WhatsApp va Telegram foydalanuvchilarining shifrlangan platformalarda ovozli va video qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatini to‘sishini e’lon qildi. Bu Kremlning ularni almashtirish uchun yaratilgan Max ilovasini yoz faslida ishga tushirishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi.
MAX hozirda Rossiyada sotiladigan barcha mobil telefon va planshetlarga oldindan o‘rnatilgan bo‘lib, shu oyning o‘zida 30 million foydalanuvchiga ega ekani xabar qilindi. WhatsApp va Telegram esa iyul oyida Rossiyada har birida 90 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgani haqida Mediascope ma’lumotlari qayd etgan.

Iyul oyida Kreml Cloudflare himoyasidagi millionlab yirik veb-saytlarga internet kirishini ham to‘sdi. Mahalliy internet-provayderlar (ISP) esa hech qanday rasmiy ogohlantirishsiz ulanishlarni sekinlashtirib, butunlay to‘xtatib qo‘ydi.
Bundan ham og‘irroq tomoni, Moskva shu yozda o‘zgartirish qabul qilib, rossiyalik fuqarolarga har qanday shifrlangan xizmat yoki VPN orqali “ma’lum ekstremistik materiallarni qidirish yoki ularga kirishni” noqonuniy deb belgiladi. Bu deyarli Rossiya davlat OAVidan tashqaridagi barcha xorijiy axborot manbalarini qamrab oladi.
Discord 2024-yilda hukumat tomonidan taqiqlangan, undan avval esa 2023-yilda Snapchat, Microsoft Teams, Skype for Business, Yevropada joylashgan shifrlangan messenjerlar Threema va Viber, shuningdek, Xitoyga tegishli WeChat, va undan oldin esa WhatsApp hamda Telegram bloklangan edi.
Google YouTube’iga qarshi choralar sifatida — iyul oyida ushbu platforma minglab rossiyalik (va xitoylik) dezinformatsiya kanallarini o‘chirib tashlay boshlaganidan so‘ng — regulyatorlar YouTubeni sekinlashtirishni boshladi. Natijada fuqarolarning ushbu amerikalik videoplatformaga kirishi deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi.
Bundan tashqari, Metaning Facebook va Instagram tarmoqlari 2022-yilda Roskomnadzor tomonidan taqiqlangan edi. O‘tgan yil aprel oyida Putin Metaning kommunikatsiyalar bo‘yicha rahbari Endi Stounni sirtdan "sudlab", uni “terrorchi” deb e’lon qildi, va Mark Sukerbergga tegishli kompaniyani esa “ekstremistik tashkilot” deb atagandi.
Darvoqe, g ‘arb Rossiyaga asosli ravishda qilayotgan "ochiq xat" va "ogohlantirish"lari negadir Yaqin Sharqdagi G‘azo sektorida ham fuqarolarning internet va boshqa kommunikatsiya vositalariga kirishini tez-tez to‘sayotgan Isroilga qaratilmasligi g‘alati.