

So‘nggi yillarda Android asta-sekin o‘zining an'anaviy “ochiq va erkin” qiyofasini qayta ko‘rib chiqayotgandek taassurot qoldirmoqda. Bunga sabab bo‘lgan navbatdagi muhim o‘zgarishlardan biri - Google tomonidan e’lon qilingan Developer Verification (dasturchilarni majburiy tasdiqlash) siyosatidir. Ushbu tizim Android ekotizimida ilova yaratish va tarqatish qoidalarini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.
Bu maqolada ushbu yangilikka hissiy tarafkashliksiz, xavfsizlik, maxfiylik, FOSS (erkin va ochiq manbali dasturlar) va Google telemetriyasi nuqtai nazaridan qarab chiqamiz.
Developer Verification nima va u nimani o‘zgartiradi?
Googlening rasmiy hujjatlariga ko‘ra, endilikda Android uchun ilova ishlab chiquvchi har bir shaxs yoki kompaniya shaxsini rasmiy tarzda tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Bu talab faqat Play Store bilan cheklanmaydi - kelajakda sideloading, ya’ni ilovani tashqi manbadan o‘rnatish holatlarida ham dasturchi identifikatsiyasi muhim rol o‘ynaydi.
Jarayon bosqichma-bosqich joriy etiladi:
2026-yil mart oyidan - barcha ishlab chiquvchilar tasdiqlash jarayonidan o‘tishi mumkin bo‘ladi
2026-yil sentyabrdan - Braziliya, Indoneziya, Singapur va Tailandda tasdiqlanmagan dasturchi ilovalari cheklana boshlaydi
2027-yildan boshlab - tizim global miqyosda tatbiq etilishi rejalashtirilgan
Hozircha Markaziy Osiyo davlatlari uchun aniq sana e’lon qilinmagan, biroq Google siyosatlarining global tatbiqi odatda mintaqalar bo‘yicha farq qilmasligini hisobga olsak, bu talab keyinchalik bu hududlarga ham yetib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Xavfsizlik: foyda bormi?
Google bu o‘zgarishni, avvalo, xavfsizlik chorasi sifatida izohlaydi. Androidda zararli dasturlar, soxta ilovalar va firibgarlik holatlari ko‘pincha sideload qilingan ilovalar orqali tarqaladi. Dasturchini aniqlash va javobgarlikni oshirish bu muammoni qisman kamaytirishi mumkin.
Bu nuqtai nazardan qaralganda, Developer Verification mantiqan tushunarli:
zararli ilova tarqatgan shaxsni aniqlash osonlashadi
foydalanuvchi ilova ortida real ishlab chiquvchi borligini biladi
firibgarlik miqdori kamayishi mumkin
Biroq xavfsizlik oshishi bilan birga, nazorat darajasi ham oshadi. Bu esa Androidni tarixan Apple ekotizimidan ajratib turgan farqlardan birini yo‘qqa chiqara boshlaydi.
Maxfiylik va Google telemetriyasi masalasi
Tasdiqlash jarayonida ishlab chiquvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, aloqa ma’lumotlari va ayrim hollarda yuridik ma’lumotlar talab qilinadi. Bu ma’lumotlar Google infratuzilmasida saqlanadi va qayta ishlanadi.
Bu yerda muammo shundaki, Androiddan qochib bo‘lmaydigan jihatlardan biri - Google ekotizimining markazlashganligi. Developer Verification bu markazlashuvni yanada kuchaytiradi. Ayniqsa, Google xizmatlaridan ataylab uzoq yurishga harakat qiladigan ishlab chiquvchilar va foydalanuvchilar uchun bu holat noqulay bo‘lishi mumkin.
Shuni ham tan olish kerakki, hozircha Google bu ma’lumotlardan qanday darajada foydalanishi ochiqchasiga bahs qilinmayapti, ammo ehtiyotkorlik bilan qarash uchun asoslar yetarli.
FOSS va mustaqil ishlab chiquvchilar uchun oqibatlar
Eng katta savollar aynan FOSS hamjamiyati atrofida paydo bo‘lmoqda. Ochiq manbali ilovalar ko‘pincha kichik jamoalar yoki anonim ishlab chiquvchilar tomonidan yuritiladi. Bunday loyihalar uchun rasmiy identifikatsiya jarayoni texnik emas, balki madaniy va falsafaviy to‘siq bo‘lishi mumkin.
Agar tasdiqlanmagan dasturchi ilovalari Android tizimi tomonidan ogohlantirishlar bilan yoki cheklovlar orqali “xavfli” sifatida ko‘rsatilsa, bu FOSS ilovalarning ommaviy foydalanishiga bevosita ta’sir qiladi. Ayniqsa F-Droid kabi muqobil do‘konlar uchun bu jiddiy muammo bo‘lishi mumkin.
Sideloading rasmiy ravishda qoladi, amalda-chi?
Google bir necha bor sideloading bekor qilinmasligini ta ’kidladi. Texnik jihatdan bu to‘g‘ri - ilovani tashqi manbadan o‘rnatish imkoniyati saqlanadi. Ammo foydalanuvchi ogohlantirishlari, cheklovlar va qo‘shimcha bosqichlar orqali bu jarayon murakkabroq va noqulay bo‘lishi mumkin.
Natijada, sideloading mavjud bo‘lsa ham, u faqat texnik bilimga ega foydalanuvchilar uchun real yechim bo‘lib qolishi ehtimoli bor.
Developer Verification siyosati Androidni to‘liq “Apple’ga aylantiradi” deb aytish haddan tashqari keskin bo‘lardi. Ammo bu o‘zgarish Androidning qaysi yo‘nalishda harakatlanayotganini aniq ko‘rsatadi: ko‘proq nazorat, ko‘proq markazlashuv, evaziga yuqoriroq xavfsizlik.
Bu yondashuv ayrim foydalanuvchilar uchun qulay va mantiqli bo‘lsa, boshqalar uchun Androidning eng muhim ustunliklaridan voz kechishdek tuyulishi mumkin. Yaqin yillarda ushbu siyosatning real ta’siri, ayniqsa FOSS va mustaqil ishlab chiquvchilar nuqtai nazaridan, yanada aniq ko‘rinadi.
Android hanuz ochiq platforma bo‘lib qolmoqda, biroq bu ochiqlik endi avvalgidek mutlaq emas.






