
OpenAI pentagon bilan shartnoma imzoladi
8
244
2

OpenAI AQSh Mudofaa vazirligi bilan qiymati 200 million dollargacha bo‘lgan yangi shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Pentagon bilan tuzilgan bu kelishuv OpenAI’ning yangi “OpenAI for Government” tashabbusining ilk yirik amaliy loyihasi bo‘lib, sun’iy idrok yechimlarini davlat sektoriga integratsiya qilishga qaratilgan.
Shartnoma AQSh Mudofaa vazirligining Raqamli va Sun’iy Idrok Boshqarmasi (Chief Digital and AI Office — CDAO) orqali tuzildi. Hujjat “other transaction agreement (OTA)” shaklida rasmiylashtirilib, OpenAI tomonidan “frontier AI” (eng ilg‘or sun’iy idrok) texnologiyalarini harbiy va ma’muriy sohalarda qo‘llash uchun prototiplar ishlab chiqishni nazarda tutadi.
CDAO vakillarining bildirishiga ko‘ra, ushbu shartnoma raqobatbardosh takliflar asosida tanlab olingan va dastlabki bosqichda 1,9 million dollar ajratilgan. To‘liq loyiha muddati 2026-yil iyuligacha davom etadi. Ishlar asosan Washington, D.C. va uning atrofidagi obyektlarda olib boriladi.
Shartnoma doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi:
harbiy qarorlar qabul qilish jarayonlarini sun’iy idrok asosida qo‘llab-quvvatlash;
tibbiy xizmatlar va xodimlar bilan ishlash tizimlarini avtomatlashtirish;
kiberxavfsizlik tahdidlarini oldindan aniqlash va baholash;
xaridlar va moliyaviy hujjatlarni avtomatik tahlil qilish;
harbiy bo‘lmagan, kundalik ma’muriy ishlarni optimallashtirish.
OpenAI tomonidan taqdim etiladigan texnologiyalar orasida maxsus moslashtirilgan ChatGPT Gov hamda ChatGPT Enterprise modellari mavjud. Kompaniya, shuningdek, maxfiylik darajasi yuqori bo‘lgan, milliy xavfsizlik talablari asosida maxsus ishlab chiqilgan AI model variantlarini ham taklif qilmoqda.
OpenAI matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “OpenAI for Government” dasturi doirasida boshqa federal agentliklar, jumladan NASA, Milliy sog‘liqni saqlash instituti (NIH), AQSh Milliy laboratoriyalari va Moliya vazirligi bilan ham hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan.
Bu OpenAIning harbiy sektor bilan ilk yirik hamkorligi bo‘lib, kompaniya 2024-yilgacha harbiy maqsadlar uchun AI modellaridan foydalanishni taqiqlab kelgan edi. Ammo ushbu siyosat o‘zgartirilib, hukumat va milliy xavfsizlik sohasida sun’iy idrokni tatbiq etishga yo‘l ochildi.
OpenAI 2025-yil mart holatiga ko‘ra haftasiga 500 milliondan ortiq faol foydalanuvchiga ega bo‘lgan. Kompaniyaning yillik daromadi 10 milliard dollarga baholanmoqda. Mart oyida kompaniya SoftBank boshchiligidagi investitsiya bosqichida 40 milliard dollar mablag‘ jalb qilishni rejalashtirgani haqida xabarlar tarqalgan.
CDAO vakillari OpenAI bilan hamkorlikdagi bu loyiha Mudofaa vazirligining “frontier AI” tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotgan ilk bosqich ekani, kelgusida boshqa xususiy sun’iy idrok kompaniyalari bilan ham keng qamrovli loyihalar bosqichma-bosqich boshlanishi kutilayotganini ma’lum qildi.
<script>alert(you are loser:)</script>